O‘zb Рус Eng
Kutubxona tarixi
 

Viloyat bolalar kutubxonasi tarixiy binoda joylashgan bo‘lib, hozirgi kunda arxitektura yodgorligi sanaladi va davlat tomonidan qo‘riqlanadi. Bu shahrimizdagi 1911 yilda qurilgan eng chiroyli binolardan biri.

XIX asr oxirlarida Samarqand shahrida Ommaviy kutubxona ochish haqida masala ko‘tarilgan edi. Bu g‘oyaning tashabbuskori va tashkilotchisi taniqli arxeolog V.Vyatkin edi. 

Kutubxona qurilishi masalasi bo‘yicha shahar ziyolilarining mahalliy ma'muriyat bilan katta yozishmalari olib borildi. 

1901 yilda nafaqat kutubxona va o‘quv zali, balki muzey ham joylashishi mumkin bo‘lgan binoning qurilishi uchun ruxsat berildi va faqat 1908 yilda kutubxona, xalq o‘quv zali va muzey joylashishi kerak bo‘lgan “Xalq uyi” ning qurilishi uchun Samarqand viloyati harbiy gubernatorining 366-sonli buyrug‘i chiqarildi. 

Qurilish ishlari boshlig‘i etib arxitektor Lebedev, harbiy injener B.Kastalskiy maslahatchi etib tayinlandi.

“Xalq uyi” ning qurilishi arxitektor Geyselmanning loyihasi asosida olib borildi. 

1911 yilda binoning 2 ta bo‘limi - ommaviy kutubxona va muzeyning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Kundan- kunga kutubxonadagi kitob fondi va muzey eksponatlarining ortib borganligi sababli 1934 yili muzey boshqa binoga ko‘chirildi. 

1937 yilda buyuk rus shoiri A.S.Pushkin vafotining 100 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston hukumatining qarori asosida kutubxonaga A.S.Pushkin nomidagi Davlat kutubxonasi nomi berildi. 

1970 yili A.S.Pushkin nomidagi Davlat kutubxonasiga yangi kutubxona uchun moslashtirilgan bino qurib berildi va shu binoga ko‘chirildi. Shu yili ushbu tarixiy binoga 1953 yilda 1-son shahar bolalar kutubxonasi negizida tashkil topgan, keyinchalik pionerlar saroyi (hozirgi Barkamol avlod bolalar markazi) binosida joylashgan Viloyat bolalar kutubxonasi ko‘chirildi. 

1971 yilda Bolalar kutubxonasiga sharqning buyuk ensiklopedist olimi Abu Rayhon Beruniy nomi berildi. A.R.Beruniy nomidagi viloyat bolalar kutubxonasi 6-15 yoshdagi bolalarga xizmat ko‘rsatgan. Shuningdek, kutubxona fondidan o‘qituvchilar, tarbiyachilar, ota-onalar ham foydalanishgan. Kutubxonada beshta bo‘lim faoliyat olib borgan. 

Quyidagi arxiv hujjatidagi ma'lumot qiziqish uyg‘otmay qolmaydi:

1941 yil kutubxonada 6789 nusxa har xil sohaga oid adabiyotlar, 23 nomda jurnallar, 41 nomda gazetalar, jami 64 nomli matbuot nashrlaridan 8000 nafar kitobxonlar foydalanishgan.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2006 yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta'minlashni tashkil etish” to‘g‘risida 381-sonli Qarori asosida kutubxona Axborot-resurs markazi nomli status (maqom)ga ega bo‘ldi. Bugungi kunda axborot-resurs markazi aholining barcha qatlamlariga xizmat qo‘rsatadi. Markaz ostonasiga qadam qo‘ygan har bir kitobxon axborotning turli manbalaridan foydalanish imkoniga ega.


Дата добавления: 28/06/2019 00:13;   Просмотров: 4704
 
Материал манзили: http://samkutubxona.uz/about/kutubxona-tarixi
Чоп этилган вақт: 29/09/2022 15:28
 

Ijtimoiy tarmoqlar

Сўровнома

Saytga baho bering

Taqvim

 

Hamkor saytlar

Matnni o‘qish uchun matnni belgilab, karnaycha turmasini bosing.